SI mavjud boʻlmagan yoʻl harakati qoidasi bandini oʻylab topishi mumkin: neyron tarmoq yordamida imtihonga qanday tayyorlanish kerak
Runet tahliliy nashrining bosh muharriri Vladimir Zykov ogohlantirdi: SI xato qilishi, turli mamlakatlar qoidalarini aralashtirib yuborishi va yoʻl harakati qoidalarida mavjud boʻlmagan bandlarga havola qilishi mumkin.

Zykovning fikricha, yoʻl harakati qoidalari boʻyicha imtihonga tayyorlanishda neyron tarmoqqa toʻliq tayanib boʻlmaydi. SI notoʻgʻri javobni ishonarli tarzda tushuntirib berishi mumkin, natijada oʻquvchi xatoni yodlab olib, uni amaldagi qoida deb qabul qiladi.
Buning sabablaridan biri — turli mamlakatlardagi yoʻl harakati qoidalarining oʻxshashligi bilan birga, ular orasida muhim farqlar ham borligidir. AQShning ayrim shtatlarida toʻliq toʻxtagandan keyin, agar bunday manyovr alohida taqiqlanmagan boʻlsa, qizil chiroqda oʻngga burilishga ruxsat beriladi. Oʻzbekistonda esa ruxsat beruvchi signal boʻlmasa, bunday burilish taqiqlangan. Chet el materiallari asosida oʻqitilgan neyron tarmoqdan faqat Rossiya yoʻl harakati qoidalaridan foydalanish soʻralganidan keyin ham u turli davlatlar meʼyorlarini chalkashtirib yuborishi mumkin.
Bundan tashqari, qoidalar vaqti-vaqti bilan yangilanadi, SI esa eskirgan maʼlumotlarga tayanishi mumkin. Neyron tarmoq qoidalarda mavjud boʻlmagan bandni oʻylab topishi, amaldagi meʼyorni xato bayon qilishi yoki mavjud boʻlmagan bandning aniq raqamini aytishi ham mumkin. Bu javob goʻyoki rasmiy hujjat bilan tasdiqlangandek taassurot uygʻotadi.
Mutaxassis tayyorgarlik uchun amaldagi imtihon biletlaridan foydalanishni tavsiya qiladi. Uning soʻzlariga koʻra, neyron tarmoq qoʻshimcha vosita boʻlishi mumkin: uning yordamida murakkab savolni sodda soʻzlar bilan tushuntirishni soʻrash, vaziyatni tahlil qilish yoki misollar keltirish mumkin.





