Saudiya Arabistoni 2027 yilning ikkinchi yarmidan boshlab neftni Singapurda saqlaydi
Bu qirollikka xomashyoni Osiyoning asosiy bozorlariga yaqinlashtirish imkonini beradi
Saudiya neftini saqlash mexanizmini yaratish boʻyicha qoʻshma niyatni ikki mamlakat energetika vazirlari Singapur xalqaro energetika haftaligi (Singapore International Energy Week) doirasida eʼlon qildi.
Xomashyo Jurong yerosti qoyatosh rezervuarlarida joylashtiriladi. Ular 150 metr chuqurlikda joylashgan boʻlib, 1,47 mln kub metrgacha (qariyb 9 mln barrel) suyuq uglevodorod — neft va gaz kondensatini sigʻdira oladi.
Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon bu qadam mamlakat logistika tarmogʻini yanada moslashuvchan qilishini taʼkidladi: «Taʼminot manbalarini Osiyoning asosiy bozorlariga yaqinlashtirish tarmogʻimizni yanada moslashuvchan qilishga, shuningdek, energetik xavfsizlikni mustahkamlash va Singapurning kutilmagan vaziyatlarga tayyorgarligini qoʻllab-quvvatlashga imkon beradi».
Oʻz navbatida, Singapur energetika, savdo va sanoat vaziri Tan Si Leng kelishuv Janubi-Sharqiy Osiyoga yetkazib berish zanjirining barqarorligini oshirishini va global bozorda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan uzilishlar holatida Singapurning oʻzini himoya qilishini qayd etdi.
Saudi Aramco milliy neft kompaniyasi uchun bu kabi tajriba birinchi emas: neftni saqlash boʻyicha shunga oʻxshash kelishuvlar Yaponiya va Janubiy Koreya bilan allaqachon amal qilmoqda. Bunday shartnomalarga koʻra, bozorda fors-major sababli tanqislik yuzaga kelgan taqdirda, mezbon mamlakat hukumati omborlarda saqlanayotgan xomashyoni birinchi navbatda sotib olish huquqiga ega boʻladi.




