Iman Invest atrofida islomiy moliya meʼyorlarini buzish ayblovlari sabab mojaro avj oldi
IFCB kompaniya bilan hamkorlikni toʻliq toʻxtatganini eʼlon qilib, bir necha million dollar mablagʻ yetishmasligi ehtimoli borligini bildirdi
2026 yil iyul oyida kengashga ehtimoliy shubhali operatsiyalar haqidagi materiallar kelib tushdi. Shundan soʻng tekshiruvga moliyachilar, yuristlar va shariat auditorlari jalb qilindi. Moliyaviy audit 15 oktyabrda yakunlandi.
IFCB bayonotiga koʻra, Iman Invest investorlar mablagʻlarini boshqarishda islomiy moliyalashtirish tamoyillari, oʻz hujjatlari va Oʻzbekiston qonunlarini buzgan. Mudaraba modelidan foydalanadigan kompaniya, kengash versiyasiga koʻra, kapital qaytmasligi xavfi mavjud boʻlgan holatlarda ham foyda hisoblagan. Bundan tashqari, mablagʻlar shaxsiy xaridlarga, jumladan avtomobillar va koʻchmas mulkka, shuningdek maʼmuriy ehtiyojlarga yoʻnaltirilgan boʻlishi mumkin. Qoidabuzarliklar tuzatilmaguncha va yetkazilgan zarar qoplanmaguncha, IFCB Iman Investʼga sarmoya kiritishni tavsiya etmaydi.
Kompaniya Usmaniʼs bilan mustaqil shariat auditini oʻtkazish va islomiy moliya boʻyicha yangi ichki kengash tuzish niyatida ekanini maʼlum qildi. Ushbu organ ish boshlamaguncha, Iman Invest yangi mahsulotlarni ishga tushirishni va amaldagi mahsulotlarga oʻzgartirish kiritishni toʻxtatib turdi.
Iman Invest asoschisi Rustam Rahmatov ayblovlarni rad etdi. Uning aytishicha, ikki yarim yillik hamkorlik davomida Mahmud Usmanga 100 ming dollardan ortiq mablagʻ toʻlangan, mojaro esa bu toʻlovlarni kamaytirish va unga kompaniyadagi ulushni berishdan bosh tortish haqidagi suhbatdan keyin boshlangan. Rahmatovning soʻzlariga koʻra, ikki yil avval oʻtkazilgan audit Iman Invest faoliyati islomiy moliyalashtirish tamoyillariga muvofiqligini tasdiqlagan. Uning taʼkidlashicha, yangi tekshiruv natijalari eʼlon qilinadi. Investorlar oldidagi majburiyatlar saqlanib qoladi, tomonlar nizoni huquqiy yoʻl bilan hal qilmoqchi.



