Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosi uchun yagona platforma ishga tushadi
Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston elektr energiyasining yagona bozorini tayyorlamoqda: ilk bitimlar 2028-yil oxiri yoki 2029-yil boshida amalga oshirilishi mumkin.

«Energiya» muvofiqlashtirish-dispetcherlik markazi mintaqaviy elektr energiyasi bozorining pilot loyihasini ishlab chiqish va ishga tushirish uchun xalqaro tender eʼlon qildi. Loyiha Jahon banki koʻmagida REMIT dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqichda ishtirokchilar elektr energiyasini sotib olish va sotish boʻyicha arizalarni oldindan berib, uni keyingi kunning belgilangan soatlarida yetkazib berishni koʻzda tutishlari mumkin. Bu ortiqcha elektr energiyasini taqchillik yuzaga kelgan mamlakatlarga yoʻnaltirish imkonini beradi. Hisob-kitoblar AQSh dollarida amalga oshiriladi, amaldagi uzoq muddatli ikki tomonlama shartnomalar esa saqlanib qoladi.
Pudratchi savdo qoidalari, narx belgilash va hisob-kitoblar tizimini ishlab chiqishi, platformani yaratishi hamda u ishga tushirilganidan keyin uning faoliyatini qoʻllab-quvvatlashi kerak. Ishlab chiqish va joriy etish uchun 18 oy ajratilgan, shartnomaning dastlabki qiymati taxminan $2 mlnni tashkil etadi.
Platforma taxminiy moliyalashtirish hajmi $1,02 mlrd boʻlgan oʻn yillik REMIT dasturining bir qismidir. Jahon banki yillik mintaqaviy yetkazib berish hajmi 15 mlrd kVt·soatgacha oshishiga umid qilmoqda.





