Yevropada elektr energiyasi narxlari 2022-yildan beri eng yuqori darajaga yetdi
Shamol va quyosh elektr stansiyalarining ishlab chiqarishi kamaydi, shu sababli narxni gaz elektr stansiyalari belgilamoqda

Hafta boshida Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyada shamol tezligi past, bulutli ob-havo kuzatildi. Shamol va quyosh elektr stansiyalarining ishlab chiqarishi kamaydi va kutilishicha, kamida hafta oʻrtalarigacha odatdagidan past boʻlib qoladi. Shamol tezligining ayniqsa sezilarli pasayishi Germaniya, Buyuk Britaniya, Belgiya va Niderlandiyada kuzatiladi.
Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, Epex Spot auksionida Fransiyada keyingi kun uchun yetkazib beriladigan elektr energiyasi narxi 1 MVt·soat uchun 334 yevrogacha oshdi — bu 2022-yil dekabridan beri eng yuqori koʻrsatkichdir. Germaniyada narx 1 MVt·soat uchun 345,64 yevroni tashkil etdi, ayrim kechki soatlarda esa 600 yevrodan oshdi. Bunday sharoitda elektr energiyasi narxini asosan gaz elektr stansiyalari belgilaydi, chunki Yevropada gaz narxi soʻnggi toʻrt yildagi eng yuqori darajaga koʻtarildi.
Yakshanba kuni Buyuk Britaniyaning National Energy System Operator tashkiloti mahalliy vaqt bilan dushanba tongida elektr energiyasi taʼminoti balansida keskinlik yuzaga kelishi haqida standart ogohlantirish chiqardi. Ogohlantirish dushanba kuni ertalab bekor qilindi. U dam olish kunlari shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarish kamayganidan keyin berilib, taʼminotda tanqislik yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
Shimoliy Yevropa mamlakatlari energiya bozorlariga gidroelektr stansiyalari suv omborlaridagi suv sathining pastligi va gaz narxlarining oshishi ham bosim qilmoqda. Energetika treyderi Mind Energy gazning oktabr oyida qimmatlashishi va qish oldidan murakkab gidrologik vaziyat yaqin oylarda elektr energiyasi narxlarining yanada oshishiga olib kelishi mumkinligini bildirdi.





