Trampning Rossiya dizel yoqilgʻisi AQSh oʻrniga Kubaga borib qolishi mumkin
Prezident kelishuvlariga zid ravishda, AQSh Senati bu yukni qabul qilib, rasmiylashtiradigan oʻz portlari va banklarini jinoiy taʼqibga tortish bilan tahdid qildi
Donald Tramp va Vladimir Putin oʻrtasidagi maxsus kelishuv doirasida Rossiya dizel yoqilgʻisining Nyu-Yorkka yoʻl olgan ilk partiyasini tashiyotgan Agioi Fanendes tankeri kutilmaganda yoʻnalishini oʻzgartirdi va Daniya qirgʻoqlari yaqinida “muallaq qolib ketdi”.
AQSh Senati yunon kema egasiga ultimatum qoʻyganidan soʻng, kema trekerdagi AQShdagi yakuniy manzilini olib tashladi. Senat AQShning yetakchi banklari va portlariga ushbu yukni qabul qilgani uchun jinoiy ishlar bilan tahdid qildi.
Avvalroq AQSh Moliya vazirligi 2027-yil apreliga qadar Rossiya dizel yoqilgʻisini import qilishga ruxsat beruvchi 135-sonli Bosh litsenziyani bergan edi (Tramp va Putin kelishuvlari doirasida).
Senatda esa prezident farmoni Kongress qabul qilgan 2022-yildagi “Ending Importation of Russian Oil Act” qonunidan ustun kuchga ega emasligi aytildi. Senator Richard Blumenthal buni ochiq bayon qildi: “Prezident litsenziyalar berishi mumkin, ammo bitimni qonuniy qilishi faqat Kongressning qoʻlidan keladi”.
Senator yunon kema egasi (Eastern Mediterranean Maritime)ga 31-oktabrgacha yuk yetkazib berishni bekor qilish va xaridorlar, sugʻurtachilar hamda vositachilardan iborat butun zanjirni oshkor etish talabi bilan maktub yubordi.
Shu bilan birga, kongressmenlar AQSh portlari — Nyu-York, Xyuston va boshqalarni — hamda banklarni, jumladan Goldman Sachsʼni, toʻlovlarni amalga oshirish yoki yoqilgʻini tushirish ularni jinoyatga sherik qilib qoʻyishi va jinoiy taʼqib xavfi ostida qoldirishi haqida ogohlantirdi.
Hozir yoʻlda shunday yuk ortilgan yana ikkita tanker — Leruo va Talisman — bor. Kpler ushbu uch tanker hajmini jami 924 ming barrel oʻta kam oltingugurtli dizel yoqilgʻisi deb baholamoqda. Biroq qoʻshimcha ikkala kema ham allaqachon Gʻarbning bevosita sanksiyalari ostida.
AQSh portlari Senat tahdidlari sabab yoqilgʻini qabul qilishdan bosh tortayotgani, kema esa oʻz maqomini “buyurtmalar uchun ochiq” deb oʻzgartirgani sababli, ekspertlar dizel yoqilgʻisi Kubaga yoʻnaltirilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Orol eng ogʻir energetik inqirozni boshdan kechirmoqda, Tramp esa avvalroq AQSh blokadasiga qaramay, Rossiya xomashyosi Kubaga yetkazilishiga “qarshi emasligini” aytgan edi.



