Fitch Oʻzbekistonning 2030 yilgacha investitsiya reytingini olish imkoniyatlarini baholadi
Buning uchun mamlakat islohotlarni davom ettirishi va davlat moliyasida barqaror yaxshilanishga erishishi kerak

Xalqaro kredit reytinglari agentligi Fitch Ratings tomonidan Oʻzbekistonga berilgan suveren reyting hozir BB darajasida, prognoz esa «ijobiy». Bu haqda 27 oktabr kuni Fitch on Uzbekistan konferensiyasida Osiyo-Tinch okeani mintaqasi suveren reytinglari guruhi direktori Sagarika Chandra maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday prognoz odatda 18–24 oy amal qiladi, agentlik shartlari bajarilgan taqdirda esa keyingi ehtimoliy qadam reytingni BB+ darajasigacha oshirish boʻladi.
Shundan soʻng Oʻzbekistonga investitsiya darajasining eng quyi pogʻonasi — BBB– gacha yana bir bosqich qoladi. Fitch iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼatlari saqlanib qolishi va tarkibiy islohotlar davom etishini kutmoqda. Shuningdek, agentlik budjet koʻrsatkichlarining barqaror yaxshilanishini koʻrishni istaydi. Fitch yirik davlat sektori hamda davlat korxonalarining budjet oldidagi ehtimoliy majburiyatlari bilan bogʻliq xatarlarni ham alohida hisobga oladi.
Chandra 2030 yilgacha BBB– reytingiga erishilishini tasdiqlamadi. Keyingi qarorlar islohotlarning amaldagi natijalari va iqtisodiyotning holatiga bogʻliq boʻladi: asosiy ssenariydan yuqori koʻrsatkichlar reytingni oshirishni tezlashtirishi, jiddiy shok esa uni qayta koʻrib chiqishga olib kelishi mumkin.





