Oʻzbekiston va Germaniya veterinariya hamda chorvachilik sohalaridagi hamkorlikni kengaytiradi
Xususan, respublikada Germaniya agrar markazi tashkil etilishi mumkin
2026-yilning yanvaridan sentyabrigacha qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari oʻzaro savdosi 61,3 mln dollarni tashkil etdi.
Hamkorlik istiqbollarini Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Germaniya delegatsiyasi bilan muhokama qildi. Delegatsiya tarkibidan Germaniya elchisi Matthias Follert hamda Germaniya Federal oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi va hududiy oʻziga xoslik vazirligining (BMLEH) parlament davlat kotibi Martina Englhardt-Kopf oʻrin oldi.
Takliflar qatoridan Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS) huzurida Germaniya agrar markazini tashkil etish, fermerlarni moliyalashtirish mexanizmlari hamda qishloq xoʻjaligini kreditlashning Germaniya modellarini qoʻllash oʻrin olgan. Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida texnologiyalar almashinuvi uchun moʻljallangan mintaqaviy platformani ham koʻrib chiqdi.
Bundan tashqari, Vaynshtefan-Trizdorf amaliy fanlar universiteti bilan birgalikda oʻquv-amaliy markaz tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda. Loyihaga 200 bosh qoramolni saqlash majmuasi va maydoni 50 gektar boʻlgan tajriba dalasini kiritish mumkin. Yuliy Kyun instituti va Hohenhaym universiteti bilan ehtimoliy hamkorlik tuproq, suvni tejovchi va raqamli agrotexnologiyalarga bagʻishlanadi.



