Deutsche Telekom rahbari SpaceXʼning mobil aloqa bozoriga chiqish xarajatlarini 200 mlrd dollarga baholadi
U Ilon Maskning rejalarini soha uchun jiddiy tahdid deb atadi

T-Mobileʼning bosh kompaniyasi Deutsche Telekom bosh direktori SpaceXʼning AQShda yirik mobil aloqa operatorini tashkil etish uchun ehtimoliy xarajatlarini kamida 200 mlrd dollarga baholadi. Bu haqda The Verge moliyaviy natijalar muhokamasi chogʻida uning chiqishiga tayanib xabar berdi.
Tim Hottgesning soʻzlariga koʻra, SpaceX 76 MHz chastota spektrini sotib olgan, T-Mobile esa taxminan 400 MHz spektrga ega. Uning fikricha, chastota resurslarini kengaytirish uchun yuzlab milliard dollar sarmoya kerak boʻladi. Antenna minoralari infratuzilmasidan foydalanish uchun yana 20–30 mlrd dollar talab qilinishi mumkin, bunga uskunalar xarajatlari kirmaydi.
Aytilgan 200 mlrd dollar SpaceX eʼlon qilgan budjet emas, balki raqobatchi kompaniya rahbarining bahosidir.
Starlink Mobile sunʼiy yoʻldoshlar orqali smartfonlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa va yer usti mobil tarmogʻini birlashtirishni rejalashtirmoqda. Shu hafta Qualcomm SpaceX bilan uning infratuzilmasini yaratish boʻyicha hamkorlik qilayotganini maʼlum qildi.
Xarajatlarga nisbatan skeptik qarashlariga qaramay, Hottges loyihaga jiddiy munosabatda ekanini taʼkidladi. Uning fikricha, sunʼiy yoʻldoshlar, sunʼiy intellekt va raqamli xizmatlarning uygʻunligi SpaceXʼga yangi aloqa formatini taklif etish imkonini berishi mumkin.





