Avstraliyaning DUG kompaniyasi Oʻzbekistonda neft va gazni qidirishga yordam beradi
U Ustyurt platosida toʻplangan geofizik maʼlumotlarni tahlil qiladi va qayta ishlaydi

Maʼlumotlarni qayta ishlash boʻyicha shartnoma dala ishlari yakunlanganidan keyin tuzildi. Bu haqda Ustyurt platosida neft-gaz loyihasini amalga oshirayotgan Ustyurt Operating Company (UOC) maʼlum qildi.
UOC maʼlumotlariga koʻra, geofizik tadqiqotlarni qisqa muddatda oʻtkazishga erishilgan, materiallar sifati esa yuqori standartlarga mos keladi. Qoʻllanilgan texnologiyalar darajasiga koʻra, loyiha Markaziy Osiyodagi eng ilgʻor loyihalardan biri deb baholangan.
Avstraliyaning DUG kompaniyasi olingan materiallarni oʻrganadi. Bu mutaxassislarga hududning geologik tuzilishini va keyingi qidiruv ishlari uchun eng istiqbolli zonalarni aniqlash imkonini beradi.
UOC Oʻzbekistonda 2025-yil sentabrida roʻyxatdan oʻtkazilgan. Kompaniya loyihani operator sifatida boshqarayotgan Ozarbayjonning davlat neft kompaniyasi SOCAR bilan bogʻliq.
Ustyurt mintaqasi boʻyicha mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimni SOCAR, «Oʻzbekneftgaz» va Oʻzbekiston Energetika vazirligi 2025-yil iyulida imzolagan. 2026-yil mayida Britaniyaning BP kompaniyasi loyihaga qoʻshildi: u SOCAR va «Oʻzbekneftgaz» kompaniyalaridagi 20 foizlik ulushlardan bittadan sotib oldi. Natijada BP loyihaning 40 foiziga, qolgan ikki ishtirokchining har biri esa 30 foiziga egalik qilmoqda.
Qidiruv ishlari oltita investitsiya blokida olib boriladi: Boyterak, Terengquduq, Birgori, Haroy, Qoraqalpoq va Kulboy. Dastlabki prognozlarga koʻra, bu hududlardagi potensial zaxiralar 100 mln tonnagacha neft va 35 mlrd kub metr tabiiy gazni tashkil etishi mumkin.
Dastur besh yilga moʻljallangan. Shu davrda hamkorlar kamida 1 ming kvadrat kilometr maydonda 3D-seysmik qidiruv ishlarini oʻtkazishi va bitta qidiruv qudugʻini burgʻilashi kerak. Agar tadqiqotlar uglevodorodlarning sanoat miqyosidagi zaxiralari mavjudligini tasdiqlasa, ishtirokchilar konlarni oʻzlashtirish va qazib olishga tayyorgarlik koʻrishni boshlaydi.
Loyihaga kiritiladigan investitsiyalar hajmi 2 mlrd dollarga baholanmoqda.
DUG Technology kompaniyasi 2003-yilda Pert shahrida tashkil etilgan. Kompaniya geofizik maʼlumotlarni tahlil qiladi, ixtisoslashtirilgan dasturiy taʼminot ishlab chiqadi va yuqori unumli hisoblash texnologiyalaridan foydalanadi.





