Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
RUUZEN
MB kurslariUSD11 994.10▲ 6.94EUR13 420.20▲ 26.95RUB145.79▼ 0.50CNY1 797.46▲ 0.50KZT26.72▼ 0.01GBP16 087.69▲ 27.2910.11.2026 holatiga
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Bozorlar

Oʻzbekistondagi Land of Startups tanlovi gʻoliblari har biri 200 ming dollardan oladi

Vazirlar Mahkamasi 2027 yilda boshlanadigan xalqaro tanlov qoidalarini tasdiqladi

10-noyabr, 16:03
IT Park

Vazirlar Mahkamasi mukofot jamgʻarmasi 5 mln dollar boʻlgan xalqaro Land of Startups tanlovi nizomini tasdiqladi. Tanlov Oʻzbekistonda 2027 yildan boshlab oʻtkaziladi.

Tanlov beshta yoʻnalishni qamrab oladi: sunʼiy intellekt texnologiyalari; taʼlim, sogʻliqni saqlash va davlat xizmatlari uchun raqamli yechimlar; moliyaviy texnologiyalar; kreativ industriyalar, kompyuter va mobil oʻyinlar; B2B va sanoat uchun yechimlar.

Unda kamida uch kishidan iborat, xorijda roʻyxatdan oʻtgan yoki faoliyat yuritayotgan jamoalar qatnasha oladi. Arizalar bepul ravishda Startup Base startap ekotizimining Yagona elektron platformasidagi maxsus portal orqali qabul qilinadi. Har bir jamoa faqat bitta yoʻnalishni tanlashi mumkin.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Tashkilotchilar har yili 1 aprelgacha tanlov haqida eʼlon qilishi va axborot-tushuntirish ishlarini olib borishi kerak. Arizalar 30 iyungacha qabul qilinadi. Ular 1–20 iyul kunlari xorijiy ekspertlar tomonidan baholanadi, natijalar esa 25 iyulgacha eʼlon qilinadi. Har bir yoʻnalish boʻyicha kamida 25 ta jamoa saralab olinadi; dastur boshlanguniga qadar ular Oʻzbekistonda yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtishi kerak.

20 avgustdan 1 noyabrgacha jamoalar mahalliy bozorga chiqish dasturi — Softlanding boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtadi. Baholash har hafta amalga oshiriladi. 15 noyabrgacha har bir yoʻnalishda eng yaxshi beshta jamoa aniqlanadi — jami 25 ta ishtirokchi. Tashkilotchilar 15 dekabrgacha xorijiy investorlar, kompaniyalar va venchur fondlari ishtirokida Demo Day oʻtkazishi, shuningdek, gʻoliblarni taqdirlashi kerak. 25 jamoaning har biri IT Park Ventures tomonidan 200 ming dollargacha investitsiya oladi.

Tanlovga 11 kishidan iborat tashkiliy qoʻmita rahbarlik qiladi. Unga raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov raislik qiladi. Raqamlashtirish masalalari boʻyicha Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Ayubxon Sultonov va Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev rais oʻrinbosarlari boʻladi.

Qoʻmita tarkibiga Prezident Administratsiyasining masʼul xodimi — kelishuv asosida, Markaziy bank raisi Timur Ishmetov, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, taʼlim va fan vazirining birinchi oʻrinbosari Oybek Yoʻldoshev, sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Otabek Imomov, iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Norkulov hamda «Sunʼiy intellekt alyansi» NNT direktori A. Muxitdinov ham kiradi. Kotib etib IT Park bosh direktori Azamat Karamatov tayinlangan.

Arizalarni qabul qilish, ishtirokchilarni saralash, loyihalarni baholash va gʻoliblarni aniqlash raqamli xizmatlar sohasidagi masʼul xorijiy tashkilotga topshiriladi. IT Park ushbu tashkilotni tanlovning ishchi organi sifatida tanlaydi.

Tashkilot rivojlangan mamlakatda yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi va akseleratsiya dasturlarini oʻtkazish, startaplarni rivojlantirish hamda ular bilan bogʻliq tanlovlarni tashkil etish sohasida kamida uch yillik amaliy tajribaga ega boʻlishi kerak. Shuningdek, unda startaplarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kamida beshta muvaffaqiyatli dastur hamda xalqaro akseleratsiya va inkubatsiyadan oʻtgan, qiymati 100 mln dollardan oshgan kamida beshta startap boʻlishi lozim. Tashkilot shtatida texnologik biznes, venchur investitsiyalari va IT-konsalting sohalarida kamida ikki yillik tajribaga ega ekspertlar va mentorlar ishlashi kerak.

Yana oʻqing