Apple komponentlar taqchilligi fonida xotira xarajatlari oshishini kutmoqda
Kompaniya hozircha narxlar oshishi taʼsirini avval xarid qilingan zaxiralar hisobiga yumshatmoqda

Apple 2-noyabr kuni moliyaviy hisobot boʻyicha konferens-qoʻngʻiroqda xotiraga ketadigan xarajatlar yanada oshishi haqida ogohlantirdi. Kompaniya hozircha narxlar koʻtarilishining taʼsirini avval xarid qilingan zaxiralar, boshqa xarajatlarni qisqartirish va ayrim qurilmalar narxini oshirish hisobiga yumshatmoqda. Shu bilan birga, kompaniyaning ishlab chiqarish xarajatlari, xabarlarga koʻra, bir necha oy ichida 33 milliard dollarga oshgan.
Apple direktori Jon Ternus sentyabr choragida xotira qimmatlashining taʼsiri zaxiralar va ayrim komponentlar narxining pastroq boʻlgani hisobiga qisman qoplanganini maʼlum qildi. Iyun oyida Apple Mac va iPad narxlarini, sentyabrda esa iPhone narxlarini oshirdi — bu ham xarajatlarga bosimni kamaytirishga yordam berdi. Kompaniya hozircha narxlarni yana oshirish haqida eʼlon qilmagan.
Apple yetkazib beruvchilari taqchillik saqlanib qolishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Samsung sunʼiy intellekt infratuzilmasining rivojlanishi sabab xotiraga boʻlgan talab taklifdan sezilarli darajada oshishini kutmoqda. Kompaniya vakili taqchillik 2028-yilgacha va undan keyin ham davom etishi mumkinligini aytdi. SK Hynix va Micron ham taklif uzoq muddat davomida cheklanishi haqida maʼlum qildi.





