Deutsche Bank aksiyalari Epshteynga toʻlovlar va Tramp soliqlari haqidagi maʼlumotlar sizib chiqqach, tushib ketdi
Jeffri Epshteynga amalga oshirilgan shubhali toʻlovlar haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan qariyb 15 mln fayl oshkor qilindi

Frankfurtda savdolar boshlanishida bank aksiyalari 4,7 foizga arzonlashdi. Maʼlumotlar sizib chiqishi Deutsche Bankning yigirma yil davomida olib borgan faoliyatini qamrab oluvchi direktorlar kengashi majlislari bayonnomalari, elektron xatlar va ichki tekshiruv materiallarini oʻz ichiga oladi.
Financial Times maʼlumotlariga koʻra, bank Jeffri Epshteyn bilan bogʻliq 582 mln dollarlik shubhali toʻlovlarni qayta ishlagan. Bunday operatsiyalarning oʻzi ularning har biri noqonuniy boʻlganini isbotlamaydi. 2017-yil mart oyida Deutsche Bank Donald Trampning soliq maʼlumotlarini ham tasodifan oshkor qilgan; oʻsha paytdagi xususiy bank xizmatlari boʻlimi rahbari Kristian Seving bu holatni «dahshatli xato» deb atagan.
200 dan ortiq jurnalistni birlashtirgan xalqaro konsorsium tekshiruvida bank 2018-yil boshigacha xizmat koʻrsatishdan chiqarilishi rejalashtirilgan investitsiya boʻlinmasining qariyb 28 000 nafar muammoli mijoziga xizmat koʻrsatishni toʻxtatmagani taʼkidlanadi. Materiallarda, shuningdek, oligarxlar bilan aloqalar va tergovchilar Rossiya pullarini yuvish xavflari bilan bogʻlayotgan operatsiyalar tasvirlangan.
Deutsche Bank bu masalalar oʻtgan yillarga taalluqli ekanini bildirdi. Bank «tubdan oʻzgarish» va 2019–2025-yillarda xatarlarni nazorat qilish tizimlariga 7 mlrd yevro sarmoya kiritilishi haqida maʼlum qildi.





