AQSh Federal zaxira tizimi tadqiqoti inflyatsiyaning yangi xavfini aniqladi
Pandemiyadan keyin neftning AQShdagi bazaviy inflyatsiyaga taʼsiri kuchaydi

9 noyabrdagi eslatmada AQSh Federal zaxira tizimi iqtisodchilari Andrea de Mikelis, Musa Orak, Avani Pradhan va Albert Keralto AQShni ham qoʻshgan holda, beshta rivojlangan iqtisodiyotda neft narxlari bilan inflyatsiya oʻrtasidagi bogʻliqlikni baholadi. Pandemiyadan keyin neft narxlari inflyatsiyasining nisbiy oʻsishi 10 foiz punktiga oshishi bazaviy inflyatsiyaning 0,14 foiz punktiga koʻtarilishi bilan birga kechgan. Pandemiyagacha neft narxlarining taʼsiri iqtisodiy jihatdan kichik va statistik jihatdan ahamiyatsiz deb hisoblangan.
Tadqiqotchilar, shuningdek, bazaviy inflyatsiya yanada barqaror boʻlib qolgan degan xulosaga keldi: narxlar oʻsishining sekinlashishi uchun koʻproq vaqt ketishi mumkin. Ularning modeliga koʻra, rivojlangan iqtisodiyotlarda oʻrtacha bazaviy inflyatsiya 2027 yilda 2,8 foizga yaqinlashishi mumkin. Mualliflar bu ehtimoliy ssenariyning yuqori chegarasi ekanini, AQSh Federal zaxira tizimining rasmiy prognozi emasligini taʼkidlaydi.
10 foizlik neft shoki qoʻllangan simulyatsiyada yalpi ichki mahsulotga yetgan zarar pandemiyagacha boʻlgan sharoitdagiga qaraganda taxminan ikki baravar kuchli boʻldi. Bunday vaziyatda iqtisodiy oʻsish yomonlashayotgan boʻlsa ham, markaziy banklarga siyosatni qatʼiylashtirish talab etilishi mumkin. Mualliflar pandemiyadan keyin mavjud boʻlgan maʼlumotlar davri qisqa ekani sababli xulosalar noaniq boʻlib qolayotganini qayd etadi.





