Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
RUUZEN
MB kurslariUSD12 002.10▲ 14.21EUR13 166.30▲ 51.55RUB146.02▲ 0.61CNY1 802.06▲ 6.31KZT26.21▲ 0.04GBP15 721.55▲ 65.3727.11.2026 holatiga
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Iqtisodiyot

Yaponiya kompaniyasi Toshkent viloyatida pilot energetika loyihasini taklif qildi

Viloyatdagi obyektlardan birida SYSKO Inc. kompaniyasining avtonom energiya tizimini sinovdan oʻtkazish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

12-noyabr, 13:51

Yaponiyada Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya SYSKO Inc. rahbariyati bilan avtonom energiya tizimini sinovdan oʻtkazish masalasini muhokama qildi. Hokimlik matbuot xizmatiga koʻra, tomonlar hozircha taklifni oʻrganishni davom ettirish va uning texnik hamda iqtisodiy samaradorligini baholashga kelishib oldi.

Majmua markaziy elektr tarmogʻidagi uzilishlar vaqtida elektr taʼminotini uzluksiz taʼminlash uchun moʻljallangan. Uskunalar uzunligi 20 fut boʻlgan konteynerga joylashtiriladi va quvvati 100 kVt boʻlgan generator hamda sigʻimi 100 kVt·soat boʻlgan akkumulyator batareyasini oʻz ichiga oladi. Pilot loyihani olti oy davomida amalga oshirish taklif qilinmoqda.

Sinov maydoni elektr taʼminotida uzilishlar kuzatiladigan togʻli hududdagi sanoat korxonasi yoki ijtimoiy obyekt boʻlishi mumkin. Agar sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, muzokara ishtirokchilari bunday tizimlarni viloyatdagi boshqa obyektlarga ham oʻrnatish masalasini koʻrib chiqmoqchi. Shuningdek, konteyner tipidagi energiya majmualarini yigʻish va ularga texnik xizmat koʻrsatish markazini tashkil etish imkoniyati ham muhokama qilindi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Tomonlar, shuningdek, Toshkent viloyatidagi oliy taʼlim muassasalari talabalari va yosh dasturchilar uchun raqamli texnologiyalar hamda sunʼiy intellekt boʻyicha onlayn taʼlim tashkil etishni taklif qildi. Eng istiqbolli loyihalar mualliflari SYSKO Inc. startap dasturida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkin.

Muzokaralarda videomuloqot orqali Shinmei Holdings Co., Ltd. prezidenti Fujio Misuo ham ishtirok etdi. Kompaniya bilan viloyatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini keyinchalik Yaponiyaga eksport qilish uchun qayta ishlash va qadoqlash, shuningdek, Genki Sushi va Uobei restoran brendlarining mintaqa bozoriga kirishi mumkinligi muhokama qilindi. Hokimlik maydon tanlash, mahalliy hamkorlarni izlash va taʼlim dasturini tashkil etishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.