Jahon gaz taʼminoti inqirozi fonida AQShdan LNG oqimi rekord darajaga yetdi
Oʻsish Yevropa va Osiyo bozorlariga joʻnatmalar koʻpaygani bilan bogʻliq

Dam olish kunlari AQShdagi LNG obyektlariga quvurlar orqali yetkazilgan gaz oqimi 21,8 mlrd kub futga yetdi — bu bir yil avvalgi darajadan 12 foizga yuqori, deb xabar berdi BloombergNEF.
Golden Pass obyektiga yoʻnaltirilgan oqim ham rekord darajaga chiqdi, Sabine Pass obyektiga yetkazib berish esa 2026 yil aprelidan buyon eng yuqori koʻrsatkichga yetdi.
AQShdagi yangi loyihalar quvvatlarni oshirmoqda, amaldagi suyultirish qurilmalari esa eksportni koʻpaytirmoqda. Yevropalik va osiyolik xaridorlar Ormuz boʻgʻozi orqali oʻtishni talab qilmaydigan mavjud LNG partiyalarini olish uchun raqobatlashmoqda.
Erondagi urush Qatar LNG eksportini sezilarli darajada qisqartirdi: Yevropa va Osiyoga yetkazib berish uchun Qatar gazi ushbu yoʻnalish orqali oʻtishi kerak. AQShdan qoʻshimcha hajmlarda yetkazib berishlar Qatar taʼminotisiz va Rossiya LNG importiga 2027 yil 1 yanvardan joriy etiladigan taqiq fonida qishga kirayotgan Yevropa bozorini qisman qoʻllab-quvvatlashi mumkin.
Yevropa gaz tizimi zaifligicha qolmoqda: Ormuz boʻgʻozi orqali yetkazib berishlar hozircha urushdan oldingi darajadan ancha past, QatarEnergy esa yetkazib berishlar boʻyicha fors-major holatini kamida 2026 yil dekabri oxirigacha uzaytirdi. Gas Infrastructure Europe maʼlumotlariga koʻra, Yevropadagi gaz omborlari 70,5 foizga toʻlgan, gaz olish mavsumi boshlangach, zaxiralar Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlarida allaqachon kamaymoqda.





