Tramp Tim Kukni Jensen Huangning ehtimoliy vorisi deb atadi
AQSh prezidenti Apple direktorlar kengashi raisini Jensen Huang isteʼfosidan soʻng Nvidia rahbari lavozimiga koʻrib chiqishni taklif qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Truth Social tarmogʻida Jensen Huangning oʻrnini faqat bir kishi egallashi mumkinligini yozdi — bu Apple direktorlar kengashi raisi Tim Kuk. Tramp bu ehtimoliy almashuvni «afsona oʻrniga afsona» deb atadi, biroq Kukni rasman nomzod qilib koʻrsatish yoki tayinlash jarayonini boshlash haqida xabar bermadi.
Kuk 2026-yil 1-sentabrda kompaniyaga 15 yil rahbarlik qilganidan soʻng Apple bosh direktori lavozimini tark etdi. Uning oʻrnini Jon Ternus egalladi, Kuk esa direktorlar kengashining ijrochi raisi lavozimiga oʻtdi. U Apple faoliyatidagi ishtirokini, jumladan, turli mamlakatlar siyosatchilari bilan aloqalarni hamda kompaniyaning xalqaro munosabatlarini, shu jumladan Xitoy bilan aloqalarini boshqarishni saqlab qoldi.
Kukni ehtimoliy nomzodlar qatorida tilga olgan yagona odam Tramp boʻlmadi. Yel menejment maktabining yetakchilik masalalari boʻyicha katta dekan oʻrinbosari Jeffri Sonnenfeld chorshanba kuni Time jurnalida shunday taklif bilan mualliflik maqolasini eʼlon qildi. U Apple asoschisi Stiv Jobsdan keyin kompaniyaga rahbarlik qilgan Kukning tajribasini taʼkidladi.





