Oltin narxi 2025-yil dekabridan beri ilk bor 5 gramm uchun 8,5 mln soʻmdan pastladi
Oʻzbekistonda 23 noyabr kuni oltinning gramm narxi 1 696 680 soʻmgacha tushib, avvalgi kunga nisbatan 4,7 foizga arzonladi. 5 grammli quyma 8 483 000 soʻm turadi.

Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, 5 grammli oltin quymasining sotuv narxi 8 483 000 soʻmni tashkil etdi. Bu 2025-yil 12-dekabrdan beri eng past koʻrsatkichdir.
Qadoqlari shikastlanmagan quyma qayta sotib olinganda, bank 6 828 000 soʻm toʻlaydi. Qadoq shikastlangan yoki buyum texnik talablarga mos kelmasa, ekspertizadan soʻng toʻlanadigan summa 6 759 000 soʻmni tashkil etadi.
Markaziy bank qimmatbaho metallar xalqaro bozoridagi konyunkturani hisobga olib, narxlarni kun davomida qayta koʻrib chiqishi mumkin. Jahon bozorida oltin kotirovkalari ham pasayib, keyin qisman tiklandi.
CNBC qayd etishicha, AQSh dollari mustahkamlanishi va Amerika davlat obligatsiyalari daromadliligi oshishi fonida oltinga qiziqish susaymoqda. Ekspertlar talabdagi oʻzgarishni investorlar naqd pul zaxirasini koʻpaytirish uchun oltinni sotib yuborib, undan likvidlik manbai sifatida koʻproq foydalana boshlagani bilan ham izohlamoqda.





