Mikro, kichik va oʻrta biznes Oʻzbekistondagi bandlikning 75 foizini taʼminlaydi
Hududiy loyihalar hisobidan yana 320 mingta ish oʻrni yaratish rejalashtirilmoqda

2030 yilgacha mikro, kichik va oʻrta korxonalarning yirikroq toifalarga oʻtish surʼatlarini ikki baravar oshirish, ushbu sektorning bandlikdagi ulushini 80 foizgacha koʻpaytirish va norasmiy bandlikni qisqartirishni davom ettirish rejalashtirilgan. Bu haqda 25 noyabr kuni prezidentga taqdimot chogʻida maʼlum qilindi.
2017 yildan buyon 11 million kishi qashshoqlikdan chiqdi. Mikro, kichik va oʻrta biznes Oʻzbekistondagi bandlikning 75 foizini taʼminlaydi, biroq YaIMning 55 foizini shakllantiradi. Mikrofirmalarning atigi 4 foizi yirikroq toifalarga oʻtmoqda. 2030 yilgacha oʻrta sinf ulushini 90 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Tadbirkorlarga biznesni yoʻlga qoʻyishdan tortib tashqi bozorlarga chiqishgacha kompleks koʻmak koʻrsatish rejalashtirilmoqda. Bunday vositalar qatoriga kreditlar, kafolatlar, kafilliklar, lizing, faktoring, venchur moliyalashtirish va kapitalga investitsiyalar kiradi. Shuningdek, oʻqitish va maslahat xizmatlari ham koʻzda tutilgan.
Markaziy bank kreditga layoqatlilikni muqobil usulda baholashni, banklar va fintech kompaniyalari oʻrtasida maʼlumotlarni xavfsiz almashishni yoʻlga qoʻyishni hamda bitta ariza boʻyicha bir nechta bankning takliflarini olish imkonini berishni taklif qildi. Hududlarda biznes-inkubatorlar, loyiha ofislari va «yagona darcha» tamoyili asosida faoliyat yuritadigan tuman koʻmak markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Qiymati 81 trillion soʻm boʻlgan mingta hududiy loyiha hisobidan 320 mingta ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Mirziyoyev tashabbuslarni takomillashtirish va idoralarning vazifalarini belgilashni topshirdi.





