Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
RUUZEN
MB kurslariUSD12 002.10▲ 14.21EUR13 166.30▲ 51.55RUB146.02▲ 0.61CNY1 802.06▲ 6.31KZT26.21▲ 0.04GBP15 721.55▲ 65.3727.11.2026 holatiga
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Tahlil

Oʻzbekistonliklar zararli dasturlar tufayli qariyb 80 mlrd soʻm yoʻqotdi

2026-yil yanvar-sentabr oylarida firibgarlikdan koʻrilgan umumiy zarar 278,3 mlrd soʻmni tashkil etdi

17-noyabr, 13:48
cbu.uz

Markaziy bank Ichki ishlar vazirligining Cardblock platformasida qayd etilgan firibgarlik haqidagi murojaatlarni tahlil qildi. Eng koʻp uchragan holatlar fuqarolar mobil qurilmalariga zararli fayllarni yuklab olib, oʻrnatgani bilan bogʻliq boʻldi: koʻrsatilgan davrda bunday 18 830 ta murojaat qayd etilgan, zarar 79,3 mlrd soʻmni tashkil qilgan.

Telefonda aldangan yana 611 kishi firibgarlarning koʻrsatmalarini bajargan. Bu holatlarda yoʻqotishlar 27,7 mlrd soʻmga yetgan. Firibgarlar 2 808 ta holatda fuqarolarning Telegramʼdagi akkauntlariga kirish imkoniga ega boʻlgan va 21,9 mlrd soʻm miqdorida zarar yetkazgan.

Soxta savdo platformalari va treyding orqali daromad topish haqidagi vaʼdalar 1 044 ta murojaatga sabab boʻlgan. Ushbu holatlar boʻyicha zarar 15,1 mlrd soʻmni tashkil etgan. 1 086 ta holatda fuqarolar pullarini koʻpaytirish umidida moliyaviy piramida alomatlari boʻlgan sxemalarga pul oʻtkazgan. Yoʻqotishlar 14,0 mlrd soʻmni tashkil qilgan.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Internet orqali xarid qilishda oldindan toʻlov amalga oshirilganidan keyin 3 571 ta holatda tovar yetkazib berilmagan yoki xizmat koʻrsatilmagan. Fuqarolar 10,5 mlrd soʻm yoʻqotgan. Bundan tashqari, firibgarlar kreditni bekor qilish bahonasida odamlarning nomiga onlayn qarz rasmiylashtirgan: 10,6 mlrd soʻm zarar yetkazilgan 130 ta shunday holat qayd etilgan.

Onlayn oʻyinlarda toʻlov qilish chogʻida 272 ta firibgarlik holati aniqlangan, zarar 0,9 mlrd soʻmni tashkil etgan. Yana 11 475 ta murojaatda fuqarolar bank kartalari va elektron hamyonlaridan pul yechib olinganini bildirgan, biroq firibgarlik turini koʻrsatmagan. Ushbu holatlar boʻyicha yoʻqotishlarning umumiy summasi 98,1 mlrd soʻmga yetgan.

Umuman, qayd etilgan holatlardan koʻrilgan zarar 278,3 mlrd soʻmni tashkil qilgan. Tezkor choralar koʻrilgani natijasida 113,1 mlrd soʻmni bloklashga muvaffaq boʻlingan. Ushbu ishlar boʻyicha ichki ishlar organlari surishtiruv va tergov olib bormoqda.

Markaziy bank yana dastlab firibgarlik holatidek koʻringan 2 737 ta murojaatga alohida toʻxtaldi. Tekshiruv natijasida umumiy summasi 7,6 mlrd soʻm boʻlgan mablagʻlarning yechilishi pul oʻgʻirlanishi emas, balki kredit qarzdorligini avtomatik ravishda soʻndirish ekani maʼlum boʻldi.

Regulyator firibgarlardan himoyalanish uchun messenjerlar va nomaʼlum manbalardan APK-fayllarni oʻrnatmaslikni, oʻzini bank yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi deb tanishtirgan shaxslarga karta maʼlumotlari va tasdiqlash kodlarini bermaslikni, shuningdek, Telegramʼda ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqishni tavsiya qiladi. Xarid paytida sotuvchini tekshirish, yuqori daromad va «pulni koʻpaytirish» haqidagi takliflarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish kerak. Firibgarlikka duch kelganda darhol xizmat koʻrsatuvchi bank yoki toʻlov tashkilotiga, shuningdek, ichki ishlar organlariga murojaat qilish lozim.