Boeing fuqarolik aviatsiyasi boʻlinmasida 2,5 mingta ish oʻrnini qisqartiradi
Tijoriy samolyotsozlik boʻlinmasi Boeingʻning eng yirik biznesi boʻlib qolmoqda: unda qariyb 50 ming kishi ishlaydi

Boeing Commercial Airplanes boʻlinmasidagi qisqartirishlar xodimlarning tabiiy ketishi va majburiy ishdan boʻshatishlar hisobiga amalga oshiriladi. Boʻlinma bosh direktori Stefani Popega koʻra, kompaniya ishlab chiqarishni kutgan surʼatlarda oshira olmadi va endi xodimlar sonini ortiqcha deb hisoblamoqda.
Boeing zavodlar va yetkazib beruvchilarga ish jarayonlarini barqarorlashtirish uchun koʻproq vaqt berish maqsadida ishlab chiqarishni oshirish jadvallarini qayta koʻrib chiqmoqda. Jumladan, kompaniya 737 Max samolyotlari ishlab chiqarilishini oyiga 47 tagacha yetkazishni rejalashtirgan edi, biroq Boeing bosh direktori Kelli Ortberg investorlarga bu jarayon kutilganidan koʻproq vaqt olayotganini aytdi.
Tijoriy samolyotsozlik boʻlinmasi Boeingʻning eng yirik biznesi boʻlib qolmoqda: unda qariyb 50 000 kishi ishlaydi. Oʻtgan chorakda u kompaniya tushumining 44 foizini taʼminladi, biroq davrni 697 mln dollar zarar bilan yakunladi. Defense & Space va Global Services boʻlinmalari esa shu davrda foyda koʻrdi.
Kompaniya qisqartirishlar oqibatini yangi ish topishga koʻmaklashish xizmatlari, ishdan boʻshatilganda toʻlanadigan kompensatsiyalar va xodimlarga yordam dasturi doirasidagi qoʻllab-quvvatlash orqali yumshatmoqchi ekanini bildirdi. Popening xatida kompaniya xavfsizlik va sifatga eʼtibor berishda davom etishi ham aytilgan.





