JSST rahbari AQShning Kubaga yoqilgʻi blokadasini bekor qilishga chaqirdi
JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus AQShning Kubaga qarshi yoqilgʻi cheklovlarini bekor qilishga chaqirib, bolalar uchun xavfdan ogohlantirdi.

JSST rahbari Kubaga uch kunlik tashrifi chogʻida bayonot berdi va Gavanadagi tibbiyot muassasalariga bordi. Tashkilot milliy emlash dasturini mustahkamlash va zarur uskunalar yetkazib berish uchun yana 2 mln dollar yoʻnaltiradi.
Tedrosning aytishicha, yoqilgʻi cheklovlari va sanksiyalarning kuchaytirilishi kubaliklarga, ayniqsa eng zaif guruhlarga, bevosita zarar yetkazmoqda. Prezident Migel Dias-Kanel bilan uchrashuvdan soʻng u asosiy tibbiy xizmatlarni qoʻllab-quvvatlash va bolalar uchun shoshilinch choralar koʻrish zarurligini taʼkidladi.
Kuba hukumati cheklovlar kuniga 20 soat yoki undan koʻproq elektr oʻchishiga, dori-darmon va jarrohlik materiallari tanqisligiga, shuningdek, sogʻliq koʻrsatkichlari yomonlashishiga olib kelganini aytmoqda. Tedros Kubada kutilayotgan umr davomiyligi 2020 yildagi 78,8 yoshdan 2025 yilda 74,4 yoshgacha qisqarganini maʼlum qildi. Bu 1950 yilda kuzatuvlar boshlanganidan beri koʻrsatkichning ilk pasayishidir. Ushbu maʼlumotlar AQSh yanvarda yoqilgʻi blokadasi va yangi sanksiyalarni joriy etishidan oldingi davrga tegishli.
Vashington energetik cheklovlar Kubani siyosiy oʻzgarishlarga undashi kerakligini, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berish esa sanksiyalardan ozod qilinganini bildiradi. BMT embargo xalqaro huquq va kubaliklar huquqlarini buzadi, deya baholaydi.





