McKinsey va Cognition AI yordamida kod yozish oʻzini oqlashini isbotlamoqchi
McKinsey va Cognition hamkorlikni eʼlon qildi: McKinsey kompaniyalarga loyihalarni tanlash va jarayonlarni oʻzgartirishda yordam beradi, Cognition esa Devin AI-agentini taqdim etadi.

McKinsey va Cognition hamkorligi AI yordamida kod yozishdan olinadigan samarani tekshirishga qaratilgan. McKinsey soʻrovnomasida mahsulot va muhandislik boʻlimlarining 300 dan ortiq rahbari bunday vositalar turlicha natija berayotganini aytdi. Kompaniyalarning choragida unumdorlik ikki baravardan koʻproq oshgan, respondentlarning qariyb 30 foizi esa uning pasayganini bildirgan.
McKinsey mijozlarga maslahat berib, mos muhandislik loyihalarini aniqlash, jamoalar faoliyati va ishlab chiqish jarayonlarini qayta tashkil etishga yordam beradi. Cognition esa kompaniya bayonotiga koʻra, vazifani tushunish, ishni rejalashtirish, kod yozish va uni sinovdan oʻtkaza oladigan Devin AI-agentini taqdim etadi.
Devinning 2024 yil boshida ishga tushirilishi ishlab chiquvchilarning AI ularning ishiga taʼsiri haqidagi xavotirlarini kuchaytirdi. McKinsey katta hamkori Lari Hyamyalyaynenning aytishicha, shundan beri vositalar texnik tavsiyalar va sintaksisni izlash kabi tor vazifalardan uzoqroq davom etadigan avtonom ishlarga oʻtmoqda. Kompaniyalar esa tashkiliy tuzilmasini qayta qurishga ulgurmay turib, jarayonlarini tezroq oʻzgartirishiga toʻgʻri kelmoqda.
Cognition kompaniyasining global hamkorliklar boʻyicha vitse-prezidenti Art Levi Devin bir nechta AI modelidan foydalanishi mumkinligini taʼkidladi. Bu murakkab muhandislik vazifalarini qimmatroq modellarga, qolgan vazifalarni esa arzonroq variantlarga yoʻnaltirish imkonini beradi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday yondashuv dasturiy taʼminotni keng koʻlamda modernizatsiya qilishda qoʻl kelishi mumkin.
Goldman Sachs, Cisco va JPMorgan kabi yirik kompaniyalar AI vositalaridan foydalanish huquqini berish va ularning qoʻllanishini nazorat qilishga ehtiyotkorroq yondashmoqda. Levi nomi aytilmagan mijozni misol keltirdi: besh yilda yakunlanishi kutilgan korxona resurslarini rejalashtirish tizimini yangilash muddati, uning aytishicha, 18 oygacha qisqarmoqda.





