Nvidia eng yuqori kredit reytingidan ayrilishi mumkin
S&P Global Ratings Nvidiaʼning AA kredit reytingini qayta koʻrib chiqishni boshladi: 90 kun ichida reyting AA− darajasigacha pasaytirilishi mumkin. Agentlik bu masalalarni moliyaviy natijalar bilan emas, korporativ boshqaruv bilan bogʻladi.

Amaldagi AA reytingi S&P shkalasida yuqorilik boʻyicha toʻrtinchi oʻrinda turadi. Agentlik ijrochi rahbariyat ustidan nazoratning zaifligi, vorislikni rejalashtirish yoʻqligi va kompaniyaning bosh direktor Jensen Huangga qaramligini qayd etdi. S&P bahosiga koʻra, bu Huang lavozimidan ketgan yoki biznesni boshqarishni davom ettira olmay qolgan taqdirda Nvidia uchun xavf tugʻdiradi.
Reytingning ehtimoliy pasayishi nafaqat Nvidia uchun qarz olish qiymatini oshirishi mumkin. Kompaniya kredit qobiliyati past boʻlgan bulutli xizmatlar provayderlari va infratuzilma korxonalariga kafillik qiladi. Avgust oyida Nvidia sunʼiy intellekt infratuzilmasini 500 mlrd dollar miqdorida moliyalashtirishni tashkil etish rejalarini eʼlon qildi. Dastlabki shartlarga koʻra, kompaniya kreditlarning 25 foiziga kafillik berishi kerak edi, biroq kreditorlar Huang bilan bogʻliq voqea yuz berishidan oldin ham kafolatlar hajmini oshirishni talab qilgan.
Bundan tashqari, AQSh va Singapur rasmiylari Nvidia akseleratorlarining yirik xaridor Megaspeed orqali Xitoyga noqonuniy yetkazib berilgan boʻlishi mumkinligini tekshirmoqda. Kompaniya qoidabuzarliklarni rad etmoqda. Huang qisqa muddatga lavozimidan chetlatilganidan soʻng Nvidia rahbariyatiga qaytdi, korporativ kodeksni buzganini tan oldi va terapiya olayotganini maʼlum qildi.





