XVJ Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsishi prognozini 7,8 foizgacha oshirdi
Jamgʻarma 2027-yilda YaIM oʻsishi taxminan 6,5 foizgacha sekinlashishini kutmoqda

Toshkentda mintaqaviy iqtisodiy prognoz taqdimotida XVJning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze jamgʻarmaning yangilangan baholarini taqdim etdi. 2026-yil uchun prognoz iqtisodiy faollik dastlabki toʻqqiz oyda kutilganidan yuqori boʻlgani sababli qayta koʻrib chiqildi.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Achilovning maʼlum qilishicha, yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekiston YaIMi 8,3 foizga oʻsdi. Oltin hisobga olinmagandagi eksport shu davrda 32 foizga oshdi.
XVJ bahosiga koʻra, mamlakatda inflyatsiya ichki talab yuqori boʻlishiga qaramay sekinlashmoqda. 2025-yil oxirida u 7,3 foizni tashkil etgan boʻlsa, oktabr oxiriga kelib yillik hisobda taxminan 6,5 foizgacha pasaydi. Shu davrda bazaviy inflyatsiya 5,7 foizdan 5,6 foizgacha qisqardi. Gvenetadze bu dinamikani milliy valyutaning mustahkamlanishi va Markaziy bankning qatʼiy pul-kredit siyosati bilan izohladi.
Jamgʻarma 2027-yil uchun inflyatsiya 5 foiz darajasida boʻlishini prognoz qilmoqda. Bu koʻrsatkich Markaziy bankning maqsadli moʻljaliga mos keladi. XVJ vakillari, shuningdek, hozirgi davrni keyingi islohotlarni amalga oshirish, mamlakat raqobatbardoshligini oshirish va soni ortib borayotgan yosh aholi uchun ish oʻrinlari yaratish uchun qulay deb hisoblamoqda.
XVJ missiyasi Oʻzbekistonda 16-noyabrda ish boshlaydi. Yangilangan prognozni noyabr oxirida press-relizda eʼlon qilish rejalashtirilmoqda. Gvenetadzening soʻzlariga koʻra, hujjatda katta oʻzgarishlar kutilmayapti, biroq ayrim tuzatishlar boʻlishi mumkin.





