OpenAI Samsungʻga smartfonlar oʻrnini bosadigan gadjet yaratishni taklif qildi
31 oktabr kuni Samsung rahbariyati bilan uchrashuvda Altman odatiy ilovalarsiz gadjet konsepsiyasi haqida soʻzlab berdi

OpenAI rahbari Sem Altman Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasiga kelajakda smartfon oʻrnini bosa oladigan, sunʼiy intellekt asosidagi qurilmani birgalikda ishlab chiqishni taklif qildi, deb xabar bermoqda Financial News. Taxmin qilinishicha, qurilmaga oʻrnatilgan sunʼiy intellekt foydalanuvchining topshiriqlarini mustaqil ravishda bajaradi va unga kundalik hayotida yordam beradi.
OpenAI qurilmani 2027 yilda chiqarishni rejalashtirmoqda. OAV maʼlumotlariga koʻra, u ekransiz, kaftga sigʻadigan ixcham aqlli karnayga oʻxshashi mumkin. Yakuniy dizayn hozircha oshkor etilmagan.
Altman aqlli koʻzoynaklarning qulayligi borasida ham shubha bildirdi: uning fikricha, ular jonli muloqotga xalaqit berishi mumkin. Shu bilan birga, u yangi sunʼiy intellekt qurilmalari maʼlumotlar maxfiyligi uchun xavf tugʻdirishini tan oldi.
OpenAI va Samsung oʻrtasida kelishuv tuzilgan-tuzilmagani hozircha nomaʼlum.





