YI Rossiyaning 15 ta neftni qayta ishlash zavodiga sanksiyalar joriy qildi
Bundan tashqari, Sankt-Peterburg neft quyish terminali ham sanksiyalar roʻyxatiga kiritildi

Bu haqda Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida maʼlum qilindi. Cheklovlar «Gazprom neft»ga qarashli Moskva va Omsk neftni qayta ishlash zavodlari, «Rosneft»ga qarashli Saratov neftni qayta ishlash zavodi hamda NNKning Xabarovsk neftni qayta ishlash zavodiga taalluqli boʻldi.
Roʻyxatga «Surgutneftegaz» nazoratidagi «Kirishinefteorgsintez», «Forteinvest»ga qarashli «Orsknefteorgsintez», «Gazprom neftekhim Salavat» va «TAIF-NK» ham kiritildi.
Cheklovlar Tyumen neftni qayta ishlash zavodiga egalik qiluvchi «Rusinvest», shuningdek, Ilskiy va Novoshakhtinskiy neftni qayta ishlash zavodlari hamda «Slavyansk EKO»ga ham taalluqli boʻldi. Roʻyxatga yana uchta nisbatan kichik korxona kiritildi: Usinskdagi neftni qayta ishlash zavodini nazorat qiluvchi «Yenisey» MChJ, Mariy neftni qayta ishlash zavodining egasi «Balchug-Petroleum» va «Volxov EKO».





