Trampning Gʻazo boʻyicha Tinchlik kengashiga vaʼda qilingan 18 mlrd dollar nima boʻldi?
Donorlar Trampning Tinchlik kengashi orqali Gʻazoni qayta tiklash uchun qariyb 18 mlrd dollar vaʼda qilgan, biroq oʻt ochishni toʻxtatish kuchga kirganidan bir yildan koʻproq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, ishlar boshlanmadi. 280 mln dollarning katta qismi oʻzlashtirilmagan.

Tinchlik kengashi donorlarning dastlabki moliyaviy majburiyatlari qariyb 18 mlrd dollarga yetganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, qurilishning dastlabki bosqichi uchun u 280 mln dollar soʻragan. Kengashning sentyabrdagi bayonotiga koʻra, bu mablagʻning katta qismi oʻzlashtirilmagan.
Isroil xalqaro kuchlar yoki tayyorlangan Falastin politsiyasiga Gʻazoga kirib, HAMASni qurolsizlantirishni boshlashga ruxsat bermaguncha, loyihalarni boshlashning imkoni yoʻq. Isroil oziq-ovqat va tibbiy yordam yetkazib berilishini ham cheklamoqda, vaʼda qilingan koʻchma uylarni oʻtkazmayapti hamda Gʻazoni boshqarish boʻyicha Falastin qoʻmitasining sektorga kirishiga yoʻl qoʻymayapti. Qoʻmita Qohirada faoliyat yuritmoqda.
Falastin Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, oʻt ochishni toʻxtatish kuchga kirganidan beri Isroil kamida 1 658 nafar falastinlikni oʻldirgan, 6 000 kishini yaralagan. Qariyb 1,4 mln falastinlik hanuz vaqtinchalik boshpanalarda yashamoqda.
Kengashni Donald Tramp Gʻazo boʻyicha reja doirasida taklif qilgan va unga qayta tiklash ishlarini muvofiqlashtirish vakolati berilgan. Uning tarkibiga Oʻzbekiston ham kiradi. Oʻzbekiston moliyaviy majburiyat olganini ham maʼlum qilgan, biroq uning miqdori oshkor etilmagan.





