Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
RUUZEN
MB kurslariUSD12 002.10▲ 14.21EUR13 166.30▲ 51.55RUB146.02▲ 0.61CNY1 802.06▲ 6.31KZT26.21▲ 0.04GBP15 721.55▲ 65.3727.11.2026 holatiga
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Biznes

Mercedes-Benz Germaniyadagi zavodlarini yopadi

Avtokonsern xodimlar xarajatlarini qisqartirish boʻyicha kasaba uyushmalari bilan kelisha olmadi

13-noyabr, 16:30
Victor Sutty on Unsplash

Germaniyaning Mercedes-Benz avtokonserni mamlakatdagi ishlab chiqarish maydonlariga barcha yangi investitsiyalarni muzlatishga qaror qildi va zavodlarning bir qismini yopish ssenariylarini ishlab chiqishga kirishdi. Reuters kompaniya rahbariyatining xodimlarga yuborgan ichki maktubiga tayanib xabar berishicha, bunga mamlakatda avtomobil ishlab chiqarish tannarxining haddan tashqari yuqoriligi va kasaba uyushmalari bilan muzokaralarning muvaffaqiyatsiz yakunlangani sabab boʻlgan.

Kompaniyaning ishlab chiqarish boʻlinmasi rahbari Mixail Shibe maʼlum qilishicha, yuqori lavozimli menejerlar mehnatga haq toʻlash xarajatlarini qisqartirish masalasida ishlab chiqarish kengashi va xodimlar vakillari bilan murosaga kela olmagan. Shibe sentyabr oyida ham xarajatlarni optimallashtirishda siljish boʻlmasa, ikkita korxona yopilishi mumkinligidan xodimlarni ogohlantirgan edi. Kompaniya boshqaruvi aʼzosi Britta Zeeger yangi murojaatida Mercedes-Benz ishlab chiqarish maydonlarini har qanday yoʻl bilan yopmaslikka intilayotganini, biroq rahbariyat bu variantni batafsil oʻrganishga majbur ekanini tasdiqladi.

Mercedes-Benzning qarori Germaniya avtomobil sanoatidagi vaziyatning navbatdagi keskinlashuviga aylandi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Oʻtgan hafta avtomobil komponentlarining yirik ishlab chiqaruvchisi Schaeffler ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga talab sustligi sababli 3 460 ta ish oʻrnini qisqartirishini va Yevropadagi beshta zavodni yopishini eʼlon qildi. Ularning toʻrttasi Germaniyada joylashgan.

Volkswagen konserni ham keng koʻlamli qisqartirishlarga tayyorlanmoqda — 24 noyabr kuni kompaniya eng yirik sanoat kasaba uyushmasi IG Metall bilan murakkab muzokaralarni boshlaydi. Muzokaralarda toʻrttagacha nemis zavodi va qariyb 100 000 ta ish oʻrnining taqdiri xavf ostida.

Roland Berger konsalting kompaniyasi hisob-kitoblariga koʻra, 2030 yilga borib Germaniya avtomobil sanoati kamida 200 000 ta ish oʻrnini yoʻqotishi mumkin. Xitoy bozorida mahalliy raqobatning keskin kuchayishi sababli yuqori rentabellikning yoʻqolishi asosiy zarba boʻldi, ayni paytda Xitoy brendlari Yevropadagi ulushini faol oshirmoqda.

Payshanba kuni Yevropadagi avtomobil sanoati giganti Stellantis bosh direktori ham investorlarni ishlab chiqarish xarajatlari kamida kelgusi yil davomida muqarrar ravishda oshishidan ogohlantirdi. Tarmoq tahlilchisi Ferdi Dudenxyofferning fikricha, xarajatlar tuzilmasi tubdan qayta koʻrib chiqilmasa, Germaniya avtomobil sanoatining kelajagi savol ostida qoladi.