Yevropa yozda omborlarga quygan gazining 10 foizini allaqachon chiqarib oldi
Yevropa Ittifoqi gaz omborlari 70,5 foizga toʻlgan — besh yillik oʻrtacha koʻrsatkich esa 89 foiz

Yevropa Ittifoqi gaz omborlarini 90 foizgacha toʻldirishni maqsad qilgan, biroq joriy gaz quyish mavsumi murakkab kechdi. Operatorlar suyultirilgan tabiiy gazning spot partiyalari uchun osiyolik xaridorlar bilan raqobatlashishiga va Qatar gaz eksportini deyarli toʻxtatib qoʻygan Eron bilan urushdan keyin taʼminot uchun odatdagidan koʻproq haq toʻlashiga toʻgʻri keldi.
Yevropa gaz omborlaridan gazning sof olinishi oktabr oʻrtalarida boshlandi, noyabr boshida tezlashdi, keyin esa soʻnggi bir hafta ichida sekinlashdi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi omborlaridagi gaz hajmi ushbu davr uchun odatiy darajadan ancha pastligicha qolmoqda: besh yillik oʻrtacha koʻrsatkich 89 foizni tashkil etadi.
Zaxiralarning kamligi Germaniyada allaqachon ogohlantirishga sabab boʻldi. Gaz omborlari operatorlari assotsiatsiyasi — INES — qish haddan tashqari sovuq kelgan taqdirda, mamlakatdagi gaz taʼminoti toʻliq taʼminlanmasligi mumkinligini bildirdi. Tashkilot qishki davrga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha strategik choralarni zudlik bilan kuchaytirishga chaqirdi.





