YI 2028–2034-yillar budjetida mudofaa xarajatlarini 232 foizga oshirish koʻzda tutilgan
Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta YIning 2028–2034-yillarga moʻljallangan budjeti boʻyicha yangi taklifni eʼlon qildi. Loyihada mudofaa xarajatlarini 2021–2027-yillar budjetiga nisbatan 232 foizga oshirish taklif etilgan.

Taqdim etilgan variantda raqobatbardoshlikni moliyalashtirishni 120 foizga, YI manfaatlarini dunyoda ilgari surish xarajatlarini esa 23 foizga oshirish taklif etilmoqda. Migratsiyani boshqarish va chegaralarni nazorat qilish uchun ajratiladigan mablagʻlarni ikki baravar oshirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, eng yirik budjet jamgʻarmasi yangi umumiy qishloq xoʻjaligi siyosati va hamjihatlik siyosati jamgʻarmasi boʻlib qolishi kerak. Turli dasturlar mablagʻlarining 35 foizi iqlim va ekologiya bilan bogʻliq vazifalarga yoʻnaltiriladi. Koshtaning loyihasi Yevropa komissiyasining dastlabki taklifidan 10 foizga kichik: qisqarish joriy narxlarda 204 mlrd yevroni tashkil etadi.
Irlandiya taklif qilgan variant bilan taqqoslaganda, loyiha yana 44 mlrd yevroga qisqartirilgan. Jumladan, mintaqaviy rivojlanish xarajatlarini 8 mlrd yevroga kamaytirish taklif etilmoqda. Budjet oʻz vaqtida kuchga kirishi uchun YI davlatlari uni bir ovozdan maʼqullashi va Yevroparlament uni qoʻllab-quvvatlashi 2027-yil oxirigacha amalga oshishi kerak.





