Xitoy fond bozori barqarorligini taʼminlash uchun yangi choralar koʻradi
30 noyabrdan Xitoyning uch birjasi regulyator bilan kelishib, minimal marja koeffitsiyentini 100 foizdan 80 foizga tushiradi. Bu chora 400 mlrd yuan jalb qilishi mumkin.
Shanxay, Shenchjen va Pekin birjalari 30 noyabrdan minimal marja koeffitsiyentini 100 foiz oʻrniga 80 foiz etib belgilaydi. Xitoyning qimmatli qogʻozlar ustidan nazorat qoʻmitasi bu oʻzgarishni maʼqulladi. Ekspertlar qoʻshimcha mablagʻlarning ehtimoliy hajmini taxminan 400 mlrd yuanga baholamoqda.
Koeffitsiyentning pasayishi qarz mablagʻlaridan foydalanib tuziladigan bitimlar boʻyicha taʼminot talablarining yumshatilishini anglatadi. Ekspertlar bu choralar marja hisobvaraqlaridagi qoldiqlarni oshirishi va savdo faolligini qoʻllab-quvvatlashi mumkin, deb hisoblaydi.
Shanxay va Shenchjen birjalari komissiyalarni ham kamaytirishini eʼlon qildi. Listing uchun toʻlovlar hamda obligatsiyalar bilan operatsiyalar komissiyalarini undirmaslik 2028 yilgacha uzaytiriladi.
Shenchjen birjasi tez oʻsayotgan kompaniyalar uchun maydoncha boʻlgan ChiNext aksiyalari boʻyicha market-meykerlarni joriy etish masalasida jamoatchilik muhokamasini boshladi. Bu qarorlar soʻnggi kunlarda Xitoyning asosiy fond indekslari pasayganidan keyin qabul qilindi. Savdo sessiyasi yakunida indekslar yoʻqotishlarini deyarli tikladi va kunni kichik oʻzgarishlar bilan yakunladi.





